Kecha, 4-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi qoshidagi DUK “Geoinnavatsiya markazi” direktori Tal’at Abduazizov rahbarligidagi bir guruh xodimlar Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahridan qaytib keldi. Bu haqda “Daryo”ga qo‘mita vakillari xabar bermoqda.
XXRga qilingan tashrif chog‘ida, ya’ni 2018-yil 29-iyun kuni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi qoshidagi DUK “Geoinnavatsiya markazi” va BShark Holdings Ltd. kompaniyalari bilan O‘zbekistonda zamonaviy pilotsiz texnologiyalarni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzoladi.
Xitoy kompaniyalari pilotsiz uchish apparatlari (PUA) ishlab chiqarishni kelgusida zamonaviy standartlar va texnik shartlarga asosan lokallashtirishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning maqsadi — O‘zbekistonda zamonaviy pilotsiz texnologiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek PUAning yangi loyihalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish va yangi PUA modellarini ishlab chiqarish, PUA, yer usti boshqaruv stansiyalari, foydalanishning yer usti ta’minot vositalari va boshqa texnik vositalar ekspluatatsiyasi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda amaliy yordam berishdan iborat.
Imzolangan memorandumga muvofiq tomonlar birgalikda o‘qitish dasturlarini ishlab chiqadi, seminarlar o‘tkazadi, o‘zaro manfaatli sohalarda mutaxassislar bilan almashinadi, hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun ikki tomonlama ishchi tashriflar tashkil etadi, PUAning yangi loyihalari bo‘yicha tadqiqotlar, ishlanmalar, PUA ishlab chiqarish hamda ekspluatatsiyasi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida olingan natijalarga oid axborot va tajriba almashib turadi. Undan tashqari, ishlab chiqarish uskunalari va texnologiyalarini yetkazib berish, xodimlarni o‘qitish, sotuvlar va marketing bo‘limini tashkil qilish va muvofiqlashtirish kabi ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Izoh (0)