AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi 16-iyul kuni Xelsinkida bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Meduza Kreml matbuot xizmatiga tayanib.
Muzokaralar chog‘ida “Rossiya-Amerika aloqalarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi”, — deyiladi Kreml xabarida.
Tramp va Putinning uchrashishi haqida 27-iyun kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning Moskvaga tashrifi chog‘ida kelishib olingan edi.
Avvalroq AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Amerika yetakchisi Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda qanday mavzularni ko‘tarishini ma’lum qilgan edi.
Buyuk Britaniya hukumati esa AQSh rahbari nima haqda gapirishini hech kim oldindan bila olmasligi sababli, Tramp va Putinning uchrashuvi yuzasidan xavotir bildirdi.
Izoh (0)