Amazon omborxonalarda foydalaniladigan uchuvchisiz apparat uchun patent oldi, deb yozmoqda Hi-Tech Mail.Ru.
Dronga xavfsizlik yostig‘i o‘rnatilgan. Qurilmaning yuk ko‘tarish, bir yerdan ikkinchi yerga ko‘chirish va saralash uchun mo‘ljallangan maxsus changallari bor. Apparat tashqi ko‘rinishidan meduzani eslatadi.
Amazon dronga patent olish uchun 3 yil ilgari ariza topshirgan. Ayni vaqtda kompaniya erishilgan natijalar va dron chizmalarini e’lon qildi.
Parraklari yordamida dron harakat yo‘nalishini o‘zgartira oladi. Apparatning oson boshqariladigan tizimi orqali hech qanday ishchi kuchini jalb qilmagan holda yukni bir nuqtadan olish, tashish va yangi joyga qo‘yish mumkin.
Dron tokchalarga urilib ketsa yoki qulab tushsa, uning xavfsizlik yostig‘i yuk va dronning o‘ziga zarar yetmasligini ta’minlaydi. Muhimi — dron xodimlar kirishi qiyin bo‘lgan yerlarga osonlikcha yetib boradi. Zamonaviy omborxonalar ko‘p qavatli qilib qurilgan, ularning eng yuqori qavatlariga odamlar liftlar yordamida chiqadi. Bundan tashqari, aylana shaklidagi dronlar birlashib, ish samaradorligini oshiradi. Shuningdek, dron o‘zi ko‘chirgan buyumlarning joyini eslab qoladi va ularni eski joyiga qaytarish kerak bo‘lganda bu ishni tez bajara oladi.
Patent hujjatida aytilishicha, noodatiy qurilma xodimlar yurishi qiyin bo‘lgan yerlarda qo‘l keladi. Dronlar binolar maydonidan samaraliroq foydalanish, xodimlar jarohatlanishining oldini olish va jo‘natmalar bilan ishlashni tezlashtirish imkonini beradi.
Izoh (0)