Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda rangli metalldan ishlangan simlarining O‘zbekistondan olib chiqib ketilishi oldi olindi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
“Toshkent—Ufa” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan yo‘lovchi tashish poyezdi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yo‘lovchilardan biri yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 470 kilogramm og‘irlikdagi 13 o‘ramda nikelli simlarni olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida 51 ta holatda 50 tonnaga yaqin rangli va qora metallarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)