14-iyun kuni al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida TUIT mobile uyali aloqa operatori ishga tushirildi.
Endilikda universitet talabalari Beeline bilan hamkorlikda ishga tushirilgan yangi mobil aloqa laboratoriyasida uyali aloqa operatorlari uskunalari bilan ishlashni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
3G va 4G tarmoqlarida maxsus o‘rnatiladigan tayanch stansiyalar yordamida talabalar TATUning asosiy binosi hududida real vaqt tizimida mobil aloqa faoliyatini ta’minlay oladi.
TUIT mobile laboratoriyasining tantanali ochilish marosimida Beeline’ning Toshkent hududiy filiali mutaxassislari TATU talabalari bilan birgalikda sinov aloqani amalga oshirdi hamda tayanch stansiyalarni ishga tushirdi.
“Universitet uchun bu nafaqat korporativ laboratoriyaning tashkil qilinishi, balki kelajak mutaxassislar uchun “ochiq maydon” bilan bir xil sharoit yaratib beradigan misli ko‘rilmagan holatdir. Universitetning nazariy asoslari ilg‘or ishlab chiqarish amaliyotidan orqada degan fikr bor, biroq TUIT Mobile talabalarga bugungi kunda eng yetakchi uyali aloqa operatorlari tomonidan ishlatiladigan asbob-uskunalar bilan ishlash imkonini beradi.
Ya’ni ertaga uyali aloqa kompaniyasida ishlash uchun kelgan TATU bitiruvchilari qo‘shimcha malaka oshirish kurslarisiz o‘zlariga tanish bo‘lgan dasturiy komplekslar bilan ishlay oladi”, — deydi TATU rektori To‘lqin Teshaboyev.
Izoh (0)