Buyuk Britaniyada CrossCountry Train poyezdi mashinisti yo‘lovchilarni yanglishib boshqa shaharga olib bordi. Bu haqda The Mirror’ga tayanib, “RIA Novosti” ma’lum qildi.
Poyezd mamlakat shimolidagi Nyukasl shahridan janubdagi Reddingga borishi kerak edi. Biroq u Pontefraktga kelib qolgan.
“Men hozir Pontefrakt yaqinida, bu yerga yanglishib kelib qolgan poyezddaman. Mashinist noto‘g‘ri yo‘lni tanlagani sababli shu yerga kelib qoldik. Bunday vaziyat bo‘lishi mumkinligini kim ham xayoliga keltiribdi?”, — deb yozgan yo‘lovchilardan biri Twitter’da. Uning so‘zlariga qaraganda, poyezdda yana yuzga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.
Poyezd Donkaster yo‘llaridagi halokat sababli dastlabki yo‘nalishini aylanib o‘tish uchun boshqa yo‘lga o‘tkazilgan. Biroq shundan keyin noma’lum sababga ko‘ra poyezd janubga emas, g‘arbga qarab ketgan.
Poyezd Pontefrakt yaqinida uzoq vaqt turib qolgan, shundan so‘ng shimol tomonga yurgan va to‘g‘ri yo‘nalishga qaytgan. Bunga bir soatcha vaqt ketgan. Yo‘lovchilar Saut-Yorkshir grafligining Sheffild shahrida tushirib qoldirilganlar. Ular u yerdan Birmingemga ketadigan poyezdga chiqqan. Birmingemdan esa Redinggacha boruvchi poyezdga chiqish mumkin.
Izoh (0)