O‘zA axborot agentligi ruhshunoslik fanlari nomzodi Mahmud Yo‘ldoshevning Georgiy lentasi haqidagi maqolasini chop etdi. Unda ushbu lentaning ma’nosi ochib berilgan.
Yana bir necha kundan keyin butun insoniyat Ikkinchi Jahon Urushida nemis-fashistlari ustidan qozonilgan g‘alabaning navbatdagi sanasini nishonlaydi.
Ayrimlar 9-mayni eslash maqsadida bilib-bilmay ko‘kraklariga qora va sariq rangdagi tasmalarni taqib yurishibdi.
Shu o‘rinda bir narsani eslatishni o‘zimning burchim deb hisoblayman. Ba’zilar ko‘kragiga taqib yurgan qora-sarg‘ish rangli lentalarning ma’nosi nima?
Rossiya imperatori Yekaterina II o‘z qo‘shinlari olib borgan bosqinchilik janglaridagi qirg‘in-barotda qahramonlik, shafqatsizlik namunalarini ko‘rsatgan rus armiyasi zobitlarini mukofotlash maqsadida 1769-yili muqaddas Georgiy ordenini ta’sis etgan. Shundan boshlab uch qora va ikki sariq rangdagi yo‘l chiziqlari bo‘lgan tasma “Georgiyevskaya lenta” nomi bilan yuritila boshlandi.
Tasmadagi qora rang Rossiyada imperatorlik va davlat ramzi bo‘lgan ikki boshli qora burgutni anglatsa, sariq rang rus davlati gerbi ramzidir. Tasmaning uchta qora rangi – qiynoqda jon berish ramzini, ikki sariq rang esa hayotning qaytishi, tirilish ma’nosini ham anglatadi. Lentadagi sariq, qizg‘ish – urush, olov rangi bo‘lsa, qora rang urushning doimiy hamrohi bo‘lmish burqsib turgan tutun rangidir. Tarixdan ma’lumki, 1787-yili Suvorov qo‘mondonligidagi rus harbiy floti Turkiya askarlari ustidan g‘alaba qozonadi. Suvorov bu jangda ikki marta yarador bo‘lgan edi. Shu paytda jangchilarga birinchi bor Georgiy lentasi medali bilan topshiriladi.
Demakki, bu qora-sarg‘ish lentalar Ikkinchi Jahon urushiga va ayniqsa, bizning qadim urf-odatlarimizga, milliy an’analarimizga aloqasi yo‘q. Bizning o‘z qadriyatlarimiz bor va ularni qadrlash siz bilan bizning vazifamizdir.
Mahmud Yo‘ldoshev,
ruhshunoslik fanlari nomzodi
Izoh (0)