“Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga binoan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali orqali ma’lum qilindi.
Farmonga muvofiq, Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi:
- Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, o‘rta maxsus, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
- respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me’yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta’minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berildi.
Izoh (0)