Tengelmann Group xoldingi rahbari Karl-Erivan Xaubning oilasi uning tirik qolganidan umidini uzdi. Bu haqda xolding tomonidan 12-aprel juma kuni e’lon qilingan bayonotda bildirilgan, deya xabar beradi Euronews.
“Muzlik hududidagi ekstremal iqlim sharoitlarida omon qolishning boshqa imkoni yo‘q”, — deyiladi bayonotda.
58 yoshli milliarder Xaub Italiya va Shveysariya chegarasidagi Alp tog‘larida bundan bir hafta avval yo‘qolib qoldi. U Shveysariyaning Sermatt shahridagi tog‘-chang‘i kurortida joylashgan mehmonxonada tunab qolib, keyinchalik bir o‘zi Klyayn-Matterxorn cho‘qqisini zabt etishga otlangan edi.
Milliarderning oilasi u o‘zi ishtirok etishi lozim bo‘lgan uchrashuvga kelmaganidan so‘ng xavotirga tushdi va qidiruv ishlarini boshladi. Biroq bu urinishlar natija bermadi.
Ma’lumot uchun, OBI va Kik do‘konlari tarmog‘iga egalik qiluvchi Xaublar Germaniyaning eng badavlat oilalaridan biri hisoblanadi va 6,4 milliard dollar atrofidagi mol-mulkka ega.
Izoh (0)