O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahridagi dala-o‘quv maydonida kursantlarning navbatdagi taktik o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yosh harbiylarning jangovar shayligini oshirish, harbiy xizmatchilarning harbiy harakatlar vaqtidagi tajriba va mahorati, murakkab sharoitlarda nostandart qarorlar qabul qilish ko‘nikmasini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda jangovar qurol-yarog‘ va harbiy texnikalardan samarali foydalanish, harbiy xizmatchilarning bu boradagi bilim va malakasini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tajribali ofitser va yo‘riqchilar ishtirokida kursantlar hududni o‘rganish, himoya pozitsiyalarini egallash, harbiy texnikalardan qisqa fursatda to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
“Yosh harbiylar o‘z vazifasi bo‘yicha belgilangan topshiriqlarni a’lo darajada bajarganini alohida ta’kidlash lozim. Bu jarayonda ular, ayniqsa, tankka qarshi boshqariluvchi raketa qurilmasidan nishonga o‘q otish bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini yanada oshirdi. Mashg‘ulotlarga rahbarlik qilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi qurollanish va otish kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik R.Ahmadaliyev kursantlarga yutuq va kamchiliklarini aytib, tegishli ko‘rsatmalar berdi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)