Toshkentda ADWEEK marketing va reklama haftaligi doirasida marketing konferensiyasi, marketing va reklama ko‘rgazmasi, reklama tanlovi hamda innovatsion yarmarka, panelli munozaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.
“Milliy marketing markazi” korxonalar uyushmasi tomonidan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Intellektual mulk agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda marketing sohasini va reklamani takomillashtirishga qaratilgani bilan muhimdir. Shu bilan birga, bunday chora-tadbirlar ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda o‘z samarasini beradi.
Ayniqsa, International mehmonxonasida o‘tkazilgan marketing va reklama ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Unda O‘zbekistonning reklama agentliklari, dizayn-studiyalar, veb-studiyalar, matbaa korxonalari, media agentliklari, marketing agentliklari ishtirokchilarni o‘z faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
“Ko‘rgazmada yigirmadan ortiq kompaniya va korxona o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Bu jarayon ular uchun nafaqat mijozlar jalb qilish, balki xodimlari uchun sohasi bo‘yicha bilim va tajribasini oshirishga puxta zamin yaratdi. Qolaversa, bu ko‘rgazma marketing bozorida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishish uchun manba bo‘ldi”, – dedi “Milliy marketing markazi” korxonalari uyushmasi boshqaruvi raisi Diyor Mirzaahmedov.
ADWEEK reklama tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘ziga xos tarzda tashkil etildi. Unda kompaniya, korxona va oliy ta’lim muassasalari talabalarining 250 dan ortiq ishi ko‘rib chiqildi. Yakuniy natijaga ko‘ra, “Reklama sohasidagi yutuqlari uchun”, “Reklama sohasidagi xizmatlari uchun” va “Reklamani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.