Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sobir Rahmonqulov o‘z vazifasidan ozod etildi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-yanvar kuni Qashqadaryo viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng lavozimidan ketdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Boshqarmaga Abdusalom Yo‘ldoshev yangi rahbar etib tayinlandi. U bunga qadar Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Abdusalom Yo‘ldoshev (1967-yilda tug‘ilgan) — Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti (1990-yil) va Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (1996-yil) tamomlagan.
Soliq xizmatida 1992-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. 2012-yilning fevral oyidan boshlab Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Izoh (0)