“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 77-moddasiga o‘zgartishlar kiritildi, deb yozadi Norma.
“O‘rmon fondi yerlaridan foydalanish qoidalarini buzish” deb nomlanuvchi 77-modda bungacha quyidacha edi:
“Tegishli ruxsat olmay turib imorat solish, yog‘ochni qayta ishlash, omborlar va boshqa inshootlar qurish maqsadida o‘rmon fondi yerlaridagi daraxtni kundakov qilish, o‘rmon fondi yerlarida pichanzorlar va yaylovlarni shikastlantirish, o‘zboshimchalik bilan pichan o‘rish va mol boqish, drenaj tizimlarini va yo‘llarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish —
fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Endi esa 77-modda birinchi qismidagi “va mol boqish” degan so‘zlar chiqarib tashlandi va quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirildi:
“O‘rmon fondi yerlarida chorva mollarini o‘tlatish qoidalarini buzish, — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Izoh (0)