Birlashgan Arab Amirliklari tarixida ilk bor sun’iy intellekt yordamida virtual amirlik oilasi yaratildi. Bu haqda The National News xabar berdi.

Yangi virtual oila hukumatning raqamli tashabbuslari elchisi bo‘ladi. U aholiga onlayn xizmatlarning imkoniyatlarini sodda va tushunarli tarzda tushuntiradi. Virtual oila a’zolari ijtimoiy tarmoqlar, raqamli platformalar va videolar orqali ommaga ko‘rinish beradi.
Oilaning ilk a’zosi — milliy kiyimdagi kichkina qizaloq bo‘ldi. Uning taqdimoti 1-avgust kuni o‘tkazilgan. Qisqa videorolikda u bog‘da tabassum bilan o‘ynayotgan holatda tasvirlangan. Jamoatchilikni loyihaga jalb etish maqsadida fuqarolarga qizaloqqa uchta ismdan birini tanlash imkoniyati berilgan: Dubay, Mira va Latifa.
Yaqin orada oilaning boshqa a’zolari — ota, ona va aka ham taqdim etilishi kutilmoqda. Ular an’anaviy amirlik oilasining to‘liq raqamli qiyofasini yaratishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Kuvaytda ham virtual yangiliklar boshlovchisi taqdim etilgan edi. U Fedha nomi bilan Kuwait News platformasining yuziga aylangan. Hozirda Dubay sun’iy intellektni joriy etish tayyorgarligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi beshta shahar qatoriga kiradi. U hatto AQSHning texnologik markazi San Fransiskoni ortda qoldirgan. Yetakchi o‘ntalikdan Seul, Pekin, Gonkong, Tokio va Abu Dabi ham joy olgan.
Izoh (0)