GM Uzbekistan’ning Facebook’dagi sahifasida mashinalarning narx-navosiga oid xabarnoma e’lon qilindi. Unda aksiz soliq stavkasining o‘zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko‘zda tutilmayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Oldinroq GM Uzbekistan avtomobillariga aksiz solig‘i 5,4 barobarga kamaytirilgani xabar qilingan edi. Oldin aksiz solig‘i 27 foizga teng bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil etadi. Shunga qaramay, korporatsiya bu holat avtomobillar narxida aks etmasligini bildirib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, bu chora kursdagi tafovut sabab harajatlarning oshib ketishi qoplashga xizmat qiladi.
“2017-yilning 5-sentabrida Vazirlar Mahkamasining ‘GM Uzbekistan AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar narxlarini shakllantirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi 701-sonli qarori imzolandi. Unga ko‘ra yengil avtomobillarning ulgurji va chakana narxlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017-yil 31-avgustdagi kursi bo‘yicha (4210,35 so‘m) qat’iy belgilab qo‘yildi. Valyuta kursining o‘zgarishi GM Uzbekistan avtomobillarining Vazirlar Mahkamasining 701-sonli qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana narxlar hisob-kitobiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun GM Uzbekistan yengil avtomobillari uchun belgilangan aksiz soliq stavkasi 5 foiz etib belgilandi. Bu esa kursdagi tafovut sabab harajatlarning oshib ketishi qoplash va bu bilan avtomobillarning chakana narxlaridagi barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi”, — deyiladi xabarnomada.
“O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, aksiz soliq stavkasining o‘zgarishi bilan narxlar tushirilishi ko‘zda tutilmayapti”, — ma’lum qildi kompaniya vakillari.
Izoh (0)