Saudiya Arabistoni rasmiylari shahzoda Al-Valid ibn Talal al-Sauddan ozod etilishi uchun kamida 6 milliard dollar talab qilmoqda. Bu haqda vaziyat bilan tanish manbalarga tayanib, Wall Street Journal ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Al-Valid bunday to‘lovni aybini tan olish belgisi deb hisoblamoqda va muzokaralarda rasmiylarga ozodligi evaziga biznesining katta qismini taklif etmoqda. Shu bilan birga, u xoldingini boshqarishda davom etishni istamoqda.
62 yoshli shahzoda podshohlik oilasining o‘nlab boshqa a’zolari, mansabdorlar va tadbirkorlar bilan birga noyabr oyi boshida qo‘lga olingandi. Al-Valid mablag‘lardan noqonuniy foydalanish, poraxo‘rlik va ta’magirlikda ayblanmoqda.
Al-Valid Kingdom Holding orqali Twitter, Citigroup, Four Seasons Hotels & Resortsda ulushlarga ega. Xoldingning bozor qiymati 8,7 milliard dollar, shahzodaning mol-mulki 16,8 milliard dollar baholanadi. U hibsga olingandan so‘ng Kingdom Holding aksiyalari narxi 14 foizga pasaydi.
Izoh (0)