Vladimir Putinni tashabbuskor guruhning 26-dekabr kungi majlisida Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surishadi. Bu haqda Butunrossiya xalq fronti (BXF) ijroiya qo‘mitasi rahbari Aleksey Anisimov ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
“TASS” ma’lumotlariga ko‘ra, BXF, “Yagona Rossiya” partiyasi va “G‘alaba ko‘ngillilari” harakati vakillari kiradigan tashabbus guruhining yig‘ilishi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tadi.
Tashabbuskor guruhni chaqirish ishlarini Vladimir Putin Davlat dumasining madaniyat qo‘mitasi rahbari Stanislav Govoruxinga topshirdi.
“Vladimir Putinning saylov shtabi texnik funksiyalarni bajaradi, jamoatchilik ko‘magi deb nomlanuvchi shtabni esa tashkil qilish rejalashtirilmayapti”, — dedi Anisimov.
Eslatib o‘tamiz, Putin 2018-yilgi prezident saylovida nomzod sifatida qatnashishini 6-dekabr kuni Nijniy Novgorodda Gorkiy avtomobil zavodining 85 yilligiga bag‘ishlangan miting-konsertda e’lon qilgan edi.
Izoh (0)