Farg‘onaning “Neftchi” futbol klubi O‘zbekiston Oliy Ligasining 2017-yilgi mavsumdagi to‘purari Marat Bikmayevdan kamroq gol urgan, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
To‘purar Marat Bikmayev “Lokomotiv” safida 26 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda kubok bellashuvlarida urilgan gollar inobatga olinmagan. Shu tariqa Bikmayev “temiryo‘lchilar”ning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. U ayni paytda mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun da’vogardir.
“Neftchi” esa 30 ta o‘yinda ishtirok etib, 23 ta gol urdi. Vadim Abramov jamoasi PFL talabi bo‘yicha Oliy Ligani tark etgan bo‘lib, ayni paytda farg‘onalik muxlislar uni elitada olib qolishni talab qilmoqda. “Sport” kanalida chiqish qilgan PFL bosh direktori Omon G‘ofurov ham “Neftchi” hozircha quyi ligaga tushib ketmaganini ta’kidlagandi.
Marat Bikmayev nafaqat “Neftchi”dan, balki Toshkentning “Obod” klubidan ham ko‘proq gol urishga erishgan. O‘FF “Obod”ni mavsum yakuniga 7 ta tur qolganida chetlashtirdi. Bu vaqt ichida jamoa 15 ta gol urishga erishgandi. Bu o‘rta hisobda Oliy Liganing eng yomon ko‘rsatkichidir.
Qarshining “Nasaf” klubi sharafini himoya qilgan Dragan Cheran ham “Obod”dan ko‘proq gol urishga erishgan — 19 ta.
Izoh (0)