Xalqaro kosmik stansiyaning qoplamasida topilgan mikroblar to‘laligicha “yerlik” kelib chiqishni namoyon qiladi va NASA mutaxassislari hamda Rossiyaning tibbiy-biologik muammolar instituti xodimlari uchun qandaydir noodatiy va yangi narsa hisoblanmaydi. Bu haqda NASA’ning kosmos biologiyasi va fizikasini o‘rganish bo‘yicha bo‘linmasi rahbari Kreyg Kundrotga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Joriy yilning may oyi oxirida XKSning tashqi qoplamasidagi changlarni yig‘ayotgan rossiyalik kosmonavtlar kosmik stansiya yuzasida hayot belgilariga ega mikrob sporalarini topgani haqida xabarlar tarqalgan. Kosmonavt Aleksandr Misurkin sentabr oyida bu topilma Yerdagi hayot kosmosdan kelgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishi haqida ma’lum qilgan.
Kreyg Kundrotning qayd etishicha, bu mikroblarning kelib chiqishi yerdan bo‘lib, Yer orbitasiga boshqa sayyoralardan tushgan “kosmos mehmonlari” hisoblanmaydi.
Rossiyaning “Bion-M” va “Bion-M2” bioyo‘ldoshlari loyihasining ilmiy rahbari Vladimir Sichev NASA olimining fikriga qo‘shilgan. Uning ta’kidlashicha, Yerga hayotning kosmosdan kelgani haqidagi nazariy ehtimol birinchi marta to‘rt yil avval taqdim etilgan va unda hech qanday yangi narsa aytilmagan.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bakteriyalar XKS qoplamasiga ichkaridagi gazlarni chiqarish vaqtida, shuningdek atmosferaning yuqori qismidan tushib qoladi. Ular stansiyaning quyosh tegmaydigan joylarida yashashi mumkin. Bu ularning atmosfera va nurlanishdan ko‘ra vakuumda yaxshiroq rivojlana olishi bilan izohlanadi.
Izoh (0)