AQShning Pew Research Center markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot mualliflari Yevropa Ittifoqida migratsiya nol darajada bo‘lganda ham, Yevropaning umumiy aholisi tarkibida musulmonlarning ulushi 2050-yilgacha oshadi, deb hisoblamoqda. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Ekspertlar migratsiya darajasi bilan bog‘liq holda uchta ssenariyni tayyorlagan. Unga ko‘ra, migratsiya nol darajada bo‘lganda musulmonlarning ulushi hozirgi 4,9 foizdan 7,4 foizga o‘sadi. Migratsiya darajasi o‘rtacha bo‘lganda esa bu ko‘rsatkich 11,2 foizni, yuqori darajada esa 14 foizni tashkil qiladi. Mualliflar o‘rtacha yoki biroz yuqori darajani haqiqatga yaqin, deb hisoblamoqda.
Tadqiqotda Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiruvchi 28 ta mamlakat, shuningdek, Shveysariya va Norvegiya ham hisobga olingan.
Mamlakatlar o‘rtasida musulmonlar ulushi ko‘proq bo‘lganlar Bolgariya (11,1 %), Fransiya (8,8 %), Shvetsiya (8,1 %), Buyuk Britaniya (6,3 %) va Germaniya (6,1 %) hisoblanadi.
Yevropada 2016-yilda jami 25,8 million musulmon bo‘lgan, shu jumladan, Fransiyada 5,7 million va Germaniyada besh million. Uchinchi ssenariyga asosan, Shvetsiyada musulmonlar soni 30,6 foizgacha (4,5 million), Germaniyada 19,7 foizgacha (17,5 million), Fransiyada 18 foizgacha (13,2 million), Buyuk Britaniyada esa 17,2 foizgacha (13,5 million) o‘sadi. Musulmonlarning Yevropadagi umumiy soni 75,6 million kishiga yetadi.
Izoh (0)