Urbanizatsiya, ya’ni shaharlashish bugungi zamon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarining uzviy qismiga aylanib ulgurdi. Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar uyoqda tursin, uchinchi dunyo o‘lkalarida ham aholi shaharlarga intilmoqda. Bugun hatto eng qoloq davlatlarda ham kamida bitta nisbatan yaxshi rivojlangan markaz — poytaxt borki, millionlab odamlar, asosan yoshlar qulay yashash sharoiti, doimiy daromad, qolaversa, baxt va omad qidirib u yerga talpinadi.
Bu muammomi yoki, aksincha, taraqqiyotning yangi ko‘rinishimi? Har bir hukumat bunga har xil yondashadi, o‘z siyosatidan kelib chiqqan holda unda muammo yoki yechim ko‘radi: ayrim davlatlar aholining bir nuqtada to‘planishi mamlakatning qolgan qismi taraqqiyotida salbiy aks etadi deb hisoblab, turli yo‘llar bilan (markazda o‘rnashish uchun byurokratik to‘siqlar joriy etish, mintaqaviy markazlar tashkil qilish, qishloqdagi sharoitni yaxshilash va h.k.) bunga qarshi kurashmoqda, ammo aksariyat davlatlar yangi o‘yin qoidalarini qabul qilib, gigapolislar — o‘n millionlab odamlar yashaydigan ulkan shaharlar shakllanishiga yo‘l ochib beryapti, zero bu ularni minglab kvadrat kilometr hududlarda qurilish ishlari olib borish, butun mamlakatni obodonlashtirish va shaharlashtirish majburiyatidan xalos etib, bor salohiyatni bir nuqtada to‘plash imkonini beradi. Aytish mumkinki, ikkinchi yo‘lni tanlaganlar hozircha yaxshi natijalarga erishyapti.
Xitoyda sayyoradagi 500 ta eng yirik shaharning 25 foizi joylashgan. Ayni damda Xitoyda 100 million odam yashaydigan aglomeratsiya mavjud. London shahri Buyuk Britaniya iqtisodiy o‘sishining uchdan bir qismini ta’minlab beradi. Sotsiologlar va iqtisodiyotchilarning fikricha, bu ulkan shaharlardan iborat bo‘ladigan yangi dunyoning boshlanishidir.
Bu jarayonda turli-tuman inqirozlar ham kuzatilmoqda. Millatlarning yo‘q bo‘lishi, milliy davlatlarning bo‘linib ketishi, vakolatli demokratiya tizimining barbod bo‘lishi, iqtisodiy muammolar shular jumlasidandir.
Shunday qilib, gigapolislar insoniyat taraqqiyotining keyingi bosqichimi yoki kapitalistik tizim mevasimi? Strelka jurnali ekspertlarning bu boradagi fikrlarini keltiradi.Shaharlar va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar
Stokgolm iqtisodiyot maktabi professori Kyell Nordstryomga ko‘ra, davlatlar strukturalar sifatida yo‘qlikka yuz tutmoqda. Uning fikricha, 50 yildan so‘ng 219 mamlakatning o‘rnini 600 shahar egallaydi. Bugun London aglomeratsiyasida 20 million kishi yashaydi, bu Britaniya aholisining uchdan bir qismi demak. Seul aglomeratsiyasida esa Janubiy Koreya aholisining yarmi — 25–27 million kishi umrguzaronlik qiladi.
Xitoyda insoniyat tarixida birinchi marta 100 milliondan ko‘p odam istiqomat qiladigan supershahar vujudga keldi. Bu gigant 300 X 200 kilometr hududda shakllanmoqda, u Shanxay (24 million), Nankin (8 million), Xanchjou (8 million) va umumiy aholisi 3 million kishini tashkil qiluvchi 20 ta kichik shahardan tashkil topgan. Aglomeratsiyaning jami aholisi 100 million kishidan oshadi. Uning YaIMga qo‘shadigan hissasi 1 trillion dollar, ya’ni Xitoy YaIMining 10 foizi.
Nordstryomga ko‘ra, qolgan joylar tashlandiq bo‘lib qoladi.
“Bu jarayon Rossiyada, Avstraliyada, AQShda va hatto Xitoyda allaqachon boshlangan. Hozir biz ko‘p millatli korporatsiyalar o‘rnini ko‘p shaharli korporatsiyalar egallayotganini ko‘ryapmiz. Biz shaharlar o‘zlarini mamlakatdan mustaqil his etib, ko‘proq erkinlik talab qilayotganini ko‘ryapmiz. Brexit’dan so‘ng London Yevropa Ittifoqida qolish niyatini bildirdi. London Britaniya iqtisodiyotining uchdan biri demak. Mana shu ulush siyosatga o‘zgacha qarashda ekanligini ochiq aytmoqda”, — deydi u.
Kapitalistik iqtisodiyot nuqtai nazaridan gigapolislarning shakllanishi barcha jarayonlarni yanada tezlashtiradi. Tezlik esa, Edvard Lyuttvak aytganidek, “turbokapitalizm” rivojining muhim omilidir. Mahsulotni soniyasigacha o‘z vaqtida ishlab chiqarish, omborlarda saqlash tizimi, mahsulotni mijozga tezkor yetkazib berish — buni bir-biridan uzoq o‘nta kichkina shaharda amalga oshirishdan ko‘ra bitta katta shaharda amalga oshirish osonroq.
Gigant shaharlar sivilizatsiyasida ijtimoiy muloqot ham tezkor o‘tadi. Aynan ularda ish o‘rinlari yaratiladi, YaIM shakllanadi, aholi to‘planadi. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, moliya-mablag‘ markazlariga aylangan gigant shaharlar hukumatlarga o‘z shartlarini qo‘ya boshlaydi, deb hisoblaydi Nordstryom.Siyosiy tizim inqirozi
Foreign Policy jurnalining sobiq bosh muharriri, Jahon banki ijrochi direktori Moyzes Naimga ko‘ra, hozirgi dunyoda “hokimiyat nihoyasi” nomli jarayon kuzatilmoqda. Aholi soni keskin oshdi, savodlilik darajasi aksariyat davlatlarda 100 foizni tashkil etadi, jamiyat siyosatni yaxshi tushuna boshladi, ijtimoiy aloqalar soni oshib boryapti. Shu bois mavjud institutlarga o‘z shartini qo‘yuvchi mikrohokimiyat markazlari shakllanmoqda. Bular fuqarolik harakatlari, diniy jamoalar, mashhur blogerlar va boshqalar bo‘lishi mumkin.
Buni Rossiyada ham payqash qiyin emas, deb yozadi siyosatshunos Mixail Magid: Moskva yoki Sankt-Peterburgda e’tiroz dinamikasi, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi boshqa mintaqalardagidan ancha kuchli.
“Moskvada mamlakat aholisining yarmi yashasa, Rossiya siyosiy jihatdan butunlay boshqa davlat bo‘lar edi”, — deydi u.
Misol tariqasida siyosatshunos Janubiy Koreya poytaxti Seulni keltiradi. U yerda mamlakat aholisining yarmi yashaydi. Janubiy Koreya — siyosiy nuqtai nazardan dunyoning eng dinamik mamlakatlaridan biri. U yerda aholi hukumat vakillarining xatti-harakatlarini qattiq nazorat ostiga olgan.
Naimga ko‘ra, aholi o‘rtasida vakolatli demokratiya institutlariga bo‘lgan ishonch sekin-asta so‘nib bormoqda.
“Balki insoniyat parlamentarizmdan ko‘ra yangi, zamonaviyroq boshqaruv tizimiga muhtojdir? Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya tizimiga (jamoat yig‘ilishlarida, referendumlarda, elektron forumlarda qaror qabul qilish)? Yoki, aksincha, siyosiy tizim inqirozi avtoritar hokimiyatga yo‘l ochib beradimi? Bu savollarga hozircha javob yo‘q”, — tan oladi Mixail Magid.Gigapolislar — kosmopolitizmmi yoki millatchilikning yangi ko‘rinishi?
Lekin bu, sotsiologlarning fikricha, millatchilik inqirozining asosiy omili emas.
“Gigapolislarda kosmopolitizm hukmron. Ularda yuzlab etnik va konfessional jamoalar vakillari to‘planadi. Londonda yashayotgan koreyslar, hindlar, irlandlar, inglizlar, nemis va rumin muhojirlari — kim ular? Ular kim bo‘lishidan qat’iy nazar, bolalari Garri Potterni o‘qiydi, qiziqishlariga qarab klublarga boradi, bitta tilda gapiradi. Ular inglizlar, koreyslar, hindlar emas, ular — londonliklar”, — so‘zida davom etadi Magid.
Ammo tanganing teskari tomoni ham bor. Gigapolislarda hamma ham birday farovon yashamaydi. Etnik va diniy ziddiyatlar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolmaydi. Ularda etnik va irqiy gettolar vujudga kelayotganini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Ba’zi jamiyatlar madaniy va etnik aralashuvni og‘ir qabul qilmoqda, buning natijasida AQShda, Fransiyada, Germaniyada, Rossiyada muhojirlarga qarshi kayfiyatlar, reaksion o‘ng harakatlar avj olmoqda. Shu tariqa, gigapolislar rivoji va kosmopolitizmga qarshi reaksiya ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelyapti.
Faylasuf Karl Rot bu haqda shunday deydi:
“Oxirgi o‘n yilliklarda natural xo‘jalik qashshoqligi va fuqarolik urushlaridan qochib, yoki uyda qolgan oilalarini boqish ilinjida yuz millionlab odamlar bir qit’adan boshqasiga ko‘chib yuribdi. Xitoy ichki migratsiyasi, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan Fors ko‘rfazi o‘lkalariga, Afrikadan O‘rta Yer dengizi orqali Janubiy Yevropaga, Markaziy va Janubiy Amerikadan Shimoliysiga ko‘chish shular jumlasidan. Markaziy o‘lkalarda va ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarda muhojirlar yollanma ishchilarning 10–20 foizini tashkil etadi. Vaqt o‘tishi bilan bir necha migratsiya oqimlari kuzatildi, hozir yangi transchegaraviy, ko‘p tilli va juda aqlli maishiy madaniyat shakllanmoqda. Biroq bu madaniyatda baynalmilallikka bo‘lgan intilish etnik o‘zlikni saqlab qolishga bo‘lgan intilishga to‘qnash kelmoqda”.
Karl Rott 400–500 gigapolis davlatlar o‘rnini egallashini yozadi. Lekin, Kyell Nordstryomdan farqli ravishda, u gigapolislarda qashshoqlar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishini, ijtimoiy ziddiyatlar avj olishini bashorat qiladi. Bunday jarayon inqirozga yuz tutgan Gretsiya poytaxti — Afinada qayd etildi. Ma’lumot uchun, butun mamlakat aholisi 12 million kishini tashkil etgan holda Afinada 6 million kishi yashaydi.Ekologiya va boshqa salbiy oqibatlar
Yana bir muhim omil — ekologiya. Xitoy shaharlari smog tufayli nafas ololmay qolgan, hukumat bu borada hech narsa qila olmayapti. Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasiga ko‘ra, Yanszi daryosi deltasi Tinch okeani mintaqasidagi eng yirik ifloslanish manbaidir.
Yana bir mashhur sotsiolog Georgiy Derlugyanning fikricha, sanoatlashuv jarayoni yangi taraqqiyot boschiqidan o‘tib, barqarorlashguniga qadar sayyora ekologiyasi o‘nglanmaydigan ahvolga kelishi mumkin.
2016-yili bo‘lib o‘tgan Moskva urbanistik forumida bir yerga to‘plangan mutaxassislar ham gigaurbanizatsiyaning mazkur salbiy jihatlariga to‘xtalar ekan, xususan, Xitoy shaharlari yashash uchun noqulay yerlarga aylanib qolganini ta’kidladi.
Ekspertlar, ekologiya masalasidan tashqari, transport muammolari ham avj olayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bir qarashda ulkan hudud yagona shaharga aylanishi transport bog‘lamalarini yaxshilashi kerakdek. Aslida esa muntazam tirbandliklar, jamoat transporti vositalari yetishmovchiligi gigapolislar ichida harakatlanishni qiyinlashtirmoqda.
Boshqa muammolar qatorida mobil aloqaning, elektr ta’minotining katta bosim oqibatida uzilib qolishi, oddiy bolalar maydonchalari uchun ham yer yetishmasligi sanaldi.
Nima bo‘lganda ham, supershaharlar yoki gigapolislar zamonaviy urbanistik taraqqiyot trendiga aylandi. U kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishini vaqt ko‘rsatadi.
Izoh (0)