17-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish va ko‘paytirish, milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash qarordan ko‘zlangan birlamchi maqsad sifatida qayd etilgan.
Hujjatda keltirilgan sharhda qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida respublikada milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atining ko‘p asrlik an’analarini saqlab qolish, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hunarmandchilik kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli, mustaqil va ommaviy yo‘nalishiga aylana olmadi. Shunga ko‘ra, hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘lidagi mavjud muammo va to‘siqlarni tizimli bartaraf etish maqsadida ushbu farmon qabul qilindi.
Farmon bilan respublikada milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kreditlar berish, hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va eksport qilish, shuningdek, respublikaning tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va “usta – shogird” maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi.
Farmonga binoan, “Hunarmand” uyushmasi saflariga hunarmandlarning keng ommasini qamrab olish, shuningdek, hunarmandchilikni kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli mustaqil yo‘nalishga aylanishiga yo‘l bermayotgan uyushmaning cheklangan salohiyati bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan, jumladan:
- “Hunarmand” uyushmasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida kirishi, “Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga tenglashtirish;
- Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha so‘zsiz ravishda xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, hunarmandlarni o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik subyektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlar uchun ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutish.
Hunarmandchilikning yuqori talabga ega va kelajakda rivojlanish istiqboli bor turlarini to‘liq qamrab olish maqsadida hunarmandchilik faoliyati asosiy yo‘nalishlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi.
1-dekabrdan hunarmandchilik subyektlari — “Hunarmand” uyushmasi a’zolari:
- hunarmandchilik faoliyati mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliq to‘lovidan to‘liq ozod etiladi;
- yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etiladi;
- qishloq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydi.
Shu bilan bir qatorda, hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqi berilmoqda. Bunda xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, festival, yarmarkalarda hunarmandchilik mahsulotlarini eksport shartnomalarini tuzmagan holda sotish mumkin, bunda olingan daromad eksport tushumi hisoblanmaydi. Shu bilan birga, hunarmandlarga tashqi reklama vositalarini joylashtirishda mahalliy budjetga to‘lanishi belgilangan to‘lovlarning 50 foizi miqdorida imtiyoz berish joriy etilmoqda.
Shuningdek, doimiy savdo qilish joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan savdo qoidalarida nazarda tutilgan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
Hunarmandlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun imtiyozli tartibda joy ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda ular tomonidan davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Shu bilan birga, 2018–2019-yillarda yoshlarni “usta – shogird” usulida o‘quv dasturlari bo‘yicha tayyorlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar berilishi ko‘zda tutilgan.
2018–2019-yillarda respublikaning 23 ta shahar va tumanlarida Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini yaratish nazarda tutilgan.
Farmonda ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlandi. Ularga ko‘ra, 2018–2019-yillarda qiymati 146,6 milliard so‘mga teng, shundan 86,8 milliard so‘m tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobiga, aksariyati qishloq joylariga to‘g‘ri keladigan 9 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishini ko‘zda tutuvchi 3015 ta loyiha amalga oshiriladi.
Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlarni joylarda to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida har bir hududda hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Izoh (0)