Bloger Shohidbek to‘ylardagi “gorko”lar mavzusi haqida yozdi. Ana shu blogpostni “KRuz.uz” keltirib o‘tdi.
Yaqin do‘stlarimning, jo‘ralarimning, xullas tengqurlarimning to‘ylarida yana bir xunuk dasturga guvoh bo‘ldim. Yoshlarning aroq va shu kabilar ta’siridagi beo‘xshov harakatlari, tushunar-tushunmas holda aytilgan to‘y tilaklari, to‘yxonani boshiga ko‘tarib qiy-chuv qilishlaridan hozirgi odamlarga, o‘spirin yigit-qizlarga nima balo urgan deb, o‘ylanib qolasan. Biroq, bir holat xayolimda javobsiz qolayotgan savollarni to‘zg‘itib, meni sergak torttirdi. Milliyligimizga va dinimizga umuman zid hol.
“Gorko, gorko, ...” takror-takror yangrayotgan o‘zga so‘z. Bu haqda eshitgan bo‘lsam-da tengdoshlarimning bunaqangi “marosim”lar tashabbuskorligiga ishonmagan edim. Nihoyat, yoshlar talabi qondirildi. O‘zgalar istagi bilan, ko‘pchilik undovi ostida kuyovning kelinni o‘pishi — bilmadim, bu nima degan gap. Axir kelin va kuyov birovga tomosha qo‘yib berish uchun nikohlanayotgani yo‘q! Visol nasib bo‘lganini esa, boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish bizning mentalitetimizga xos emas. Xullas, ommaviy madaniyat unsurlari bizning turmush tarzimizga, ma’naviyatimizga har tomondan kirib borishga urinmoqda. Biz esa, turli-tuman bemani dasturlardan voz kechib, zararli illatlarga “yo‘q” deya olsakkina ham ma’naviy, ham jismonan sog‘lom bo‘lamiz. Aks holda, G‘arbga taqlid tariqasida qilayotgan xatti-harakatlarimiz, yangidan o‘ylab topayotgan bo‘lmag‘ur urflarimiz bizga qimmatga tushadi. O‘ylab ko‘ring, aziz zamondosh... Siz nima deysiz?
Izoh (0)