Yaponiyaga tashrif buyuradigan oliy martabali ayollar xavfsizligini maxsus shakllantirilgan politsiya otryadi ta’minlaydi. Bo‘linmaga topshiriladigan birinchi vazifalardan biri 5–7-noyabr kuni mamlakatga keladigan AQSh prezidentining rafiqasi Melaniya Tramp xavfsizligini qo‘riqlash bo‘ladi, deb xabar beradi “TASS”.
Yaponiya milliy politsiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilgi Olimpiadaning yaqinlashishi bilan mamlakatga borgan sayin ko‘proq oliy martabali ayollar kela boshlaydi. Aynan shu tufayli ayollardan iborat maxsus politsiya otryadi shakllantirildi.
Ushbu otryadning asosiy vazifalaridan biri VIP shaxslar bo‘ladigan yerlarda odamlar to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Politsiyachi ayollar shubhali shaxslar obyektga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Bo‘linma ilk bor 2-noyabrda sinovdan o‘tkaziladi — o‘shanda Yaponiyaga AQSh prezidentining qizi Ivanka Tramp tashrif buyuradi.
Izoh (0)