Pokiston qurolli kuchlari Kashmirning Islomobod nazorati ostidagi hududida Hindistonning uchuvchisiz kvadrokopterini urib tushirdi. “TASS” axborotiga ko‘ra, kvadrokopter Pokiston hududida razvedka missiyasini bajarayotgan bo‘lgan.
Pokiston qurolli kuchlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xizmati boshlig‘i general-mayor Asif G‘afurning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilma ayni vaqtda Pokiston armiyasi ixtiyorida.
“Raxchikri sektorida Nazorat chizig‘i bo‘ylab josuslik maqsadida kirib kelgan hind kvadrokopteri Pokiston o‘qotarlari tomonidan urib tushirildi”, — dedi G‘afur. General-mayor hodisasi 27-oktabr kuni oqshomda yuz berganini aytib, boshqa tafsilotlarni ma’lum qilmadi.
Hindiston tomoni hozircha mazkur axborot bo‘yicha biror izoh bergani yo‘q.
Bu so‘nggi bir yil ichida kuzatilayotgan ikkinchi shunday hodisadir. 2016-yilning noyabrida ham Kashmirning Pokiston qismiga kirib borgan Hindiston droni urib tushirilgan edi.
Kashmir Hindiston va Pokiston mustaqillikka erishgan 1947-yildan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi asosiy bahs sababidir. Kashmir sabab uchta Hindiston—Pokiston urushi bo‘lib o‘tgan. Hozirda Kashmirda davlat chegarasi yo‘q — uning hududini Nazorat chizig‘i ajratib turadi.
Izoh (0)