Ispaniya hukumati qaroriga ko‘ra iste’foga chiqarilgan Kataloniya politsiyasi — Mossos d’Esquadra rahbari Jozep Luis Trapero o‘z iste’fosini tan oldi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
AFP xabariga ko‘ra, janob Trapero o‘z iste’fosini tan olgani haqida qo‘l ostidagi xodimlarga maktub yo‘llagan.
Jozep Luis Traperoning maktubida qayd etilishicha, u hukumat qaroriga bo‘ysunadi. Shu bilan birga, u xodimlarni Kataloniya politsiyasining yangi rahbari — “komissar Ferran Lopesga sadoqat bilan xizmat qilish”ga chaqirgan.
Ferran Lopes bungacha Mossos d’Esquadra’da ikkinchi lavozim hisoblangan hududiy muvofiqlashtirish bo‘yicha komissar sifatida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya prokuraturasi Kataloniyada 1-oktabr kuni o‘tkazilgan mustaqillik referendumi yuzasidan to‘rt shaxsga nisbatan ish ochgan. Ular orasida “Milliy assambleya” jamoat tashkiloti rahbari Jordi Sanches ham bor.
Agar ularning aybi isbotlansa, ayblanuvchilar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Sud hozircha Jozep Luis Traperoni qamoqqa olish haqida qaror chiqarganicha yo‘q.
Izoh (0)