Jahonga mashhur Aspire futbol akademiyasining vakolatxonasi O‘zbekistonda ish boshlaydi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Qatarda bo‘lib turgan va rasmiy tashrifining ilk kunida Aspire futbol akademiyasi bilan yaqindan tanishgan O‘FF prezidenti mamlakat rasmiylari bilan shu masalada kelishib olgan. U Qatar amirlik oilasining eng nufuzli vakillaridan biri, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad As-Soniyning akasi, bir vaqtning o‘zida amirning diplomatik masalalar va sportni rivojlantirish bo‘yicha bosh maslahatchisi Shayx Jassim bin Hamad bin Xalifa As-Soniy bilan uchrashgan.
O‘FF zamonaviy talablarga javob beradigan futbol akademiyasi ochish borasida Qatar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.Aspire
Dohadagi Aspire sport akademiyasiga 2004-yil Qatar amirining farmoni bilan asos solingan. Uning bosh maqsadi Qatar sporti kelajagi uchun yosh iqtidorlarni izlash, ularni akademiyaga olib kelib, shu yerning o‘zida ta’lim berish va katta sportchi qilib tarbiyalashdan iborat. Akademiyaning “Iqtidorlarni izlash dasturi” mavjud. Bunda ular Qatar Olimpiya Qo‘mitasi va Qatar Oliy Ta’limi Kengashi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Dastur maktab o‘quvchilari orasidan iqtidorli bolalarni izlab topib, ularga sport bo‘yicha grant dasturlarda ishtirok etishni taklif qiladi.
Akademiyaga kuchli xorijiy menejerlar, murabbiylar va ekspertlar jalb qilingan. Futbol ta’limi standartlari bo‘yicha Aspire dunyoning eng yaxshi akademiyalaridan biri sanaladi. Jahon futboli afsonalaridan Pele, Messi, Raul, Xavi kabilar akademiyaning xalqaro arenalardagi elchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Shayx Jassim 2004-yildan buyon Aspire akademiyasiga rahbarlik qilib keladi. Shu bilan bir vaqtda u 2022-yilgi Jahon Chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning vitse-prezidenti ham hisoblanadi.
Izoh (0)