Hindistonda dehqon va qishloq xo‘jaligi ishchilari hammadan ko‘p, biroq ekzotika qidirib, “sharq ertaklari mamlakatiga” yo‘l olganlar ular haqida eslarmidi? “TASS” sayyohlar selfi olishni xush ko‘ruvchi eng ommabop mahalliy kasblar reytingini tuzishga qaror qildi.
Maxautlar
Fillar podachisi
Fillar — Hindistonning qadimiy ramzlari. Ular yordamida jang qilinib, yuklar tashilgan, biroq eng asosiysi — ular aslzodalik va boylik belgisi hisoblangan. Buyuk mo‘g‘ullar, maharadjalar, hatto Hindistonning britaniyalik vitse-qirollari fillarda yurgan. Ulardan har biri maxautni yollagan: mutaxassissiz bunday hayvonlarni boshqarish imkonsiz. “Xatxi” (“fil”) ni boshqarish qobiliyati nasldan naslga o‘tadi va tabaqaga oid kasb hisoblanadi.
Bugungi kunda an’anaviy liboslarini kiygan maxautlar sayyohlarni filda sayr qildiradi, yana ibodatxona xatxilarini boshqaradi. Afsuski, fillar podachisi yo‘qolib ketayotgan kasb hisoblanadi.
Chaivala
Choy tashuvchi
O‘z vaqtida butun Sharqda mashhur bo‘lgan kasb. Albatta sut bilan qaynatilgan hindcha choy sotib yuruvchi savdogarlarni Deli, Mumbay va Varanasi tor ko‘chalarida uchratish mumkin. Ularning suv tashuvchi hamkasblari yo‘qolib ketgan. Ko‘cha choyining ommabopligi yillar o‘tishi bilan kamaygani yo‘q.
Oxirgi vaqtda bu kasb yanada urfga kirdi. Bunga 2014-yilda Narendra Modining mamlakat bosh vaziri bo‘lishi sabab bo‘ldi. U mehnat faoliyatini Gujarat temiryo‘l stansiyasida choy tashuvchi sifatida boshlaganligini takrorlashdan charchamaydi.
Rikshavala
Veloriksha
Umuman olganda riksha yaponcha so‘z, u Hindistonda mahalliy qo‘shimchani olib, rikshavalaga aylangan. Ilk bor XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan “odam-rikshalar”ni hozirda faqat Kalkuttada uchratish mumkin. Velouzatmali rikshalar esa 1930-yillarda paydo bo‘lgan. Ular ham dastlab Kalkuttada paydo bo‘lgan.
Velorikshalar tashiy olmaydigan yukning o‘zi yo‘qdek. Qutilar uyumi? Mototsikl? Besh bolali oila? Marhamat! Yana har bir velomobil bir-biriga o‘xshamaydi: ular bo‘yalib, naqshlar bilan bezatiladi, bezaklar taqiladi. Hatto bunday “tyuning” qiluvchi maxsus rassomlar ham bor.
Katxputli ustasi
Qo‘g‘irchoqsoz
Hindistonning Rajastan shtatida katxputli san’ati ustalari hamon shahardan shaharga, bozordan bozorga bo‘lgan yo‘llarda kezib yuradi. Yog‘och, rangli mato bo‘lagi va bir nechta qo‘g‘irchoq — butun rekvizit shulardan iborat. Qo‘g‘irchoqsoz usta qo‘g‘irchoqlar bilan ishlaydi va ularga o‘zi ovoz beradi. Ba’zan ularga musiqachilar hamrohlik qiladi.
Katxputli “yog‘och qo‘g‘irchoq” ma’nosini anglatadi. Qo‘g‘irchoqsozlik tabaqaga oid kasb va ularning chiqish syujetlari otadan o‘g‘ilga o‘tadi.
Dudxvala
Sutchi
Hindistonda sutchilar sigir, echki, hatto buyvol sutini ham sotadi. Biroq sigir suti o‘ziga xos mahsulot, axir sigir muqaddas, shuning uchun har kuni tonnalab sigir suti diniy marosimlarga sarflanadi. Echki suti — boshqa gap, hech qanday taomil talab qilinmaydi: sotib ol va ichaver.
Sutchilar mahsulotni turli shakl va o‘lchamdagi bidonlarda yetkazadi — ularni boshida olib yuradi, velosipedlar yoki mototsikllarga iladi. Hindistonda ko‘p iste’mol qilinadigan echki suti shifobaxsh hisoblanadi.
Nai
Sartarosh
Hindistonda hamma chiroyli ko‘rinishga intiladi va yosh yigitlar soch turmagiga alohida e’tibor beradi. Sartaroshlik ham tabaqaga xos qadimiy kasb. Ko‘cha sartaroshlari yo‘l va bozorlar kesishmasida sersoya daraxtlar ostida o‘tiradi. Ular yonida katta oyna va chayqaladigan stulni ko‘rish mumkin.
Dxobi
Kir yuvuvchi
Hindistonda kir yuvish — erkaklarning og‘ir ishi va u bilan maxsus odamlar — kir yuvuvchilar shug‘ullanadi. “Haqiqiy ekzotika”ni istovchi sayyohlar orasida Mumbaydagi Maxalakshmi kir yuvuvchilar kvartali mashhur. U yerda ochiq osmon ostida yuzlab dxobi har kuni minglab shim, kostyum, ko‘ylakni yuvib, quritadi va dazmollaydi.
Saperlar
Ilon avrovchi
Hindistonga kelgan deyarli har bir sayyoh ijtimoiy tarmoqqa raqsga tushayotgan kobra va ilon avrovchi fonidagi suratini joylaydi. Ilon avrovchilar odatda savatidagi ilonlari bilan o‘tiradi hamda tashqi ko‘rinishi va kiyimlari bilan qishloq sehrgarlarini eslatadi. Bu bejizga emas. Tarixda saperlar sehrgarlar tabaqasidan ajralib chiqqan.
Albatta, aksariyat sayyohlar ilonlar eshitmasligi va ular fleyta ovoziga o‘ynamasligini bilmaydi. Ular shunchaki yog‘och narsaning harakatini kuzatadi.
Xudolarni “ishlab chiqaruvchilar”
Kumartuli kvartali haykaltaroshlari
Hindiston — mingta xudo mamlakati; ko‘p qo‘lli, raqsga tushayotgan, fil boshli va boshqa ko‘rinishdgai xudolar bor; ularning chiroyli haykallari ko‘p sonli ibodatxonalarni bezatib turadi. Faqat ularni suratga olish qat’iy taqiqlangan. Biroq bu haykallarni ular yasaladigan kvartallarda bemalol suratga olish mumkin.
Bunday kvartallardan eng mashhuri Kalkuttadagi Kumartuli tumani. Bu kvartal “Kalkutta mo‘jiza”laridan biri hisoblanadi.
Yatri
Ziyoratchi
Yatri — bu, albatta, kasb emas. Biroq bu yerda muqaddas joylarni ziyorat qilishni hayot tarziga aylantirgan va doim bir muqaddas joydan boshqasiga kezib yuradiganlar ham bor. Bu yerda hamma qayergadir: mashhur ibodatxonalar, muqaddas daryolar va suv havzalariga, diniy bayramlarga borayotgandek tuyuladi. Har kuni millionlab odam yo‘lga otlanadi va belgilangan kunlarda muqaddas joylar odamlar to‘dasi bilan to‘ladi.
Izoh (0)