AQShning Viskonsin shtatida yashovchi 59 yoshli Stiven Pirus rossiyalik ayolga uylanish uchun xotinini o‘ldirib, o‘z uyini portlatib yubordi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Jinoyat avgust oyida Madison shahrida sodir etilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, erkak xotinini otib tashlagan, so‘ng yerto‘lada gazni ochib qo‘ygan va o‘zining izlarini yo‘qotish uchun uyni portlatib yuborgan. Politsiya jasadni topgach, ayol zo‘rlik bilan o‘ldirilganini aniqladi, shundan so‘ng Pirus hibsga olinib, qotillikda, o‘t qo‘yishda va xavfli xatti-harakatlarda ayblandi. So‘roq chog‘ida erkak xotini depressiyadan azob chekkani tufayli o‘zi uni o‘ldirishni so‘raganini aytdi.
Tintuv va Pirusning yozishmalarini o‘rganish chog‘ida politsiyachilar rossiyalik Olga ismli qizning suratlarini, shuningdek, ular qizning AQShga ko‘chib o‘tishi va bo‘lg‘usi to‘y haqida yozishgan xatlarni topgan. Ta’kidlanishicha, Olga Viskonsinga ikki yil avval kelgan va Pirus bilan o‘sha vaqtda tanishgan bo‘lishi mumkin. Viza bilan bog‘liq muammolar tufayli qiz qaytib kela olmagan.
Pirusning ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 1-noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)