Amerika aviatsiyasi Afg‘onistonda jangarilar hujumini qaytarish vaqtida yanglishib tinch aholiga zarba berdi. Bu haqda “Qat’iy yordam” operatsiyalari shtabining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilindi, deb xabar berdi “RBK”.
“Omadsiz hujum vaqtida jangarilar armiya shtabiga qarata xalqaro aeroport yaqinidan minomyotlarda bir necha bor o‘t ochdi”, — deyiladi xabarda. AQSh kuchlari bunga qarshi aviazarba berdi. Raketalardan biri “noto‘g‘ri ishga tushib ketgani” oqibatida tinch aholi halok bo‘ldi.
“Qat‘iy yordam” tinch aholiga zarar yetganidan chuqur qayg‘uda”, — deya qayd etiladi xabarda. Shtabda qo‘shimcha qilinishicha, koalitsiya kuchlari jangarilar tinch aholining ko‘p qismi to‘plangan joylarni “ataylab tanlayotganiga” qaramay, fuqarolarga zarar yetkazmaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rmoqda.
O‘q-dorilarning nosozligi yuzasidan tergov ishlari boshlangan. Reuters’ning ma’lum qilishicha, jangarilar aeroportga AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis Kobulga kelganida o‘t ochgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujum uchun mas’uliyatni IShID o‘z zimmasiga olgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)