Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko “Yangi kuchlar ruhi” partiyasi yetakchisi, muxolif siyosatchi Mixail Saakashvili mamlakat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani uchun jarimaga tortilishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Bu ma’muriy qonunbuzarlik, buning uchun Saakashvili jarima to‘lashi hamda Ukrainada bo‘lish hujjatlarini rasmiylashtirishi lozim”, — dedi Lutsenko.
Bosh prokuror Saakashvilining ishi Lvov viloyati sudida ko‘rib chiqilayotganini eslatib, qonuniy hukm chiqarilishiga umid bildirdi.
“Men aralashmayapman”, — dedi u.
Shu bilan birga, Lutsenko Saakashvili tomonidan chegaraning kesib o‘tilishiga ko‘maklashganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Iyul oyida Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Saakashvilining pasportini bekor qilgan edi. Shunga qaramay, siyosatchi mamlakat chegarasidagi nazorat o‘tkazish-punktiga keldi. Bu yerga to‘plangan xalq vakillari uning chegaradan o‘tishiga yordam berdi.
Izoh (0)