O‘zbekiston 2017-yilning 3-sentabr kuni KXDR BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasini qo‘pol ravishda buzgan holda navabatdagi yadroviy sinovni o‘tkazganidan tashvishda, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Shimoliy Koreya tomonining ushbu harakatlari Koreya yarimorolida tinchlik va ishonchni o‘rnatish tashabbuslariga qarama-qarshi borayotgani sabab, Pxenyanni jahon hamjamiyati fikrini tinglashga, mintaqa va dunyoda keskinlikning kuchayishiga olib keluvchi provakatsion harakatlardan qochishga chaqirdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani barpo etish tashabbuskori sifatida yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalariga qat’iy amal qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi va uni ishlatishdagi tahdidlarni kamaytirishga katta e’tibor qaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining Koreya yarimorolidagi vaziyatni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlaydi va vaziyat faqatgina siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilinishiga umid qiladi.
Izoh (0)