Tailand qiroli Maxa Vachiralongkornning tug‘ilgan kuni munosabati bilan mamlakatdagi maktab o‘quvchilari va harbiy-dengiz zobitlari 1066 toshbaqani erkinlikka qo‘yib yubordi. Bu monarxga uzoq umr va muvaffaqiyat tilash marosimi doirasida amalga oshirildi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Marosim Chonburi provinsiyasidagi Sattapi harbiy-dengiz bazasida bo‘lib o‘tdi.
Maxa Vachiralongkorn 28-iyul kuni 65 yoshga to‘ladi. O‘tgan yilning oktabrida eski qirol Pxumipon Adulyadet vafot etganidan so‘ng yangi monarxning tug‘ilgan kuni davlat bayrami deb e’lon qilingan edi.
Tailandda toshbaqalar uzoq umr ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari, buddaviylikda jonivorlarni erkinlikka qo‘yib yuborish savob deb bilinadi.
Izoh (0)