Namangan viloyatining Kosonsoy tumani, “Tergachi” mahallasida 6-sonli ichki ishlar bo‘linmasi ochildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bo‘linma tumandagi 13 mahalla, 48 mingdan ortiq fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. Ikki qavatli binodan 8 ta xizmat xonasi, majlislar zali, navbatchilik qismi o‘rin olgan.
Viloyatning Uchqo‘rg‘on tumani, “Qo‘g‘ay” mahallasida ham 8-sonli ichki ishlar bo‘linmasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu bo‘linma tumandagi 20 ta mahallada yashovchi 47 mingdan oshiq fuqaroga xizmat ko‘rsatadi.
Zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan ikki qavatli binodan 12 ta xizmat xonasi, majlislar zali, navbatchilik qismi, vaqtinchalik ushlab turish xonalari o‘rin oldi.
Yaratilgan sharoitlar jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning profilaktikasini barvaqt amalga oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Bo‘linmalarning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev va ichki ishlar vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov ishtirok etdi.
Ular Kosonsoy tumanining “Beshketmon” va “Qozoqovul” MFY profilaktika katta inspektori Ikromjon Ismatullayevning xizmat xonadonida ham bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Izoh (0)