Toshkentning “Paxtakor” klubi a’zosi Stanislav Andreyev kamida 4 oy futbol o‘ynay olmaydi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar berdi.
Yarim himoyachi O‘zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi o‘yinida maydonga tushib, 3-daqiqadayoq jarohat olgandi. Shundan so‘ng u bellashuvni davom ettira olmadi.
Xabar berilishicha, Stanislav Andreyev Turkiyaning Istanbul shahrida operatsiyani boshdan o‘tkazgan. Jarrohlik muvaffaqiyatli o‘tgan. Qiziq tomoni, ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham Turkiyada yig‘in olib bormoqda. Jarohati sabab Stanislav Andreyev unda ishtirok etayotgani yo‘q.
Futbolchi safga to‘liq qaytishi uchun 4 oydan 6 oygacha bo‘lgan vaqt kerak bo‘ladi. Bu Andreyevning taxminan 2-davrani to‘liq o‘tkazib yuborishini bildiradi. U, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarida ham maydonga tushmaydi.
Izoh (0)