Angliyaning Uorik universiteti kognitivist psixologlari odamlar soxta suratlarni qay darajada farqlay olishini o‘rgandi, deb yozadi The Washington Post.
Mutaxassislar 700 ming kishiga turli rasmlarni ko‘rsatib, ularning qaysilari fotoredaktor yordamida soxtalashtirilganini topishni taklif qildi. 60 foiz holatlardagina so‘rov ishtirokchilari qalbaki fotosuratlarni ajrata oldi.
To‘g‘ri topganlarning 45 foizigina fotosuratning nimasi shubhali ekanligini tushuntirib bera olgan. Shu bilan birga, erkaklar detallarni yaxshiroq payqagan.
Tadqiqotchi Sofi Naytingeyl ta’kidlashicha, tajriba natijalari juda ibratli bo‘lib, xavotirga tushish uchun asoslarga ega.
“Fotosuratlar — juda qudratli vosita. Ular bizning dunyoni qanday ko‘rishimizga ta’sir o‘tkazadi. Ular hattoki bizning buyumlar haqidagi xotiralarimizga ham ta’sir qiladi. Agar biz ularning qaysi biri soxta ekanligini farqlay olmasak, qalbaki suratlar ham favqulodda kuchga ega bo‘ladi”, — deya aniqlik kiritdi olim.
Izoh (0)