O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Toshkentning “Bunyodkor” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini Rossiyaning “Rostov” klubida davom ettiradi. Bu haqda “Bunyodkor” matbuot xizmati xabar berdi.
Shomurodov “Bunyodkor” safidan Rossiya Premyer-ligasiga yo‘l olgan ilk futbolchiga aylandi. O‘z vaqtida klub u va Otabek Shukurovni “Mash’al”dan 300 million so‘mga xarid qilgandi. O‘tgan vaqt ichida Eldor O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etdi. 2015-yil yakunlariga ko‘ra Osiyoning eng yaxshi uch nafar yosh futbolchisi qatoridan joy oldi va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Hujumchining “qaldirg‘ochlar” bilan shartnomasi shu yil yakunida nihoyasiga yetishi kerak edi. “Rostov” futbolchini qanchaga xarid qilgani va Shomurodov bilan necha yillik shartnoma tuzgani borasida aniq faktlar yo‘q.
Shomurodov 2,5 yillik faoliyati davomida “Bunyodkor” uchun 83 ta uchrashuv o‘tkazdi va 22 ta gol urdi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Premyer-ligasida yangi mavsum bugun — 15-iyuldan start oldi va “Rostov” chempionatni “Ural” maydonidagi durang bilan boshladi — 1:1. Transfer oynasi hali ochiq ekani inobatga olinsa, Shomurodovni bemalol ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Rostovliklar o‘tgan mavsumni 6-o‘rinda yakunlagandi.
Izoh (0)