Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristin Lagard O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Maktubda u xalqaro moliyaviy tashkilot O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi hamda unga texnik ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Maktub matni O‘zAda keltirildi.
“Men Siz va Sizning iqtisodiy jamoangiz O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va aholi moddiy farovonligini yuksaltirish yo‘lida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasida mamlakat iqtisodiyotini isloh etishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlaringizni astoydil ma’qullayman. Shuni ishontirib aytamanki, Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini biz texnik ko‘maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar berish orqali to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — deyiladi maktubda.
Lagard xonim bir necha kun avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi bosh qarorgohida jamg‘arma xodimlari bilan O‘zbekiston vakillari valyuta siyosatini isloh qilish yo‘llari bo‘yicha dastlabki uchrashuv o‘tkazganidan g‘oyat mamnun ekanligini, shuningdek, jamg‘arma xodimlari bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun yaqin orada Toshkentga borishini aytdi.
“Sizning jamoangiz va XVJ xodimlari yaqin vaqtlarda O‘zbekistonda investitsiya muhitini takomillashtirish maqsadida boshqa yo‘nalishlarda ham olib borilayotgan islohotlar orqali valyuta tizimini erkinlashtirishni qo‘llab-quvvatlashga doir keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, iqtisodiy statistikani yaxshilash chora-tadbirlarini muhokama etishiga ishonaman. Bu hukumat va investorlarga asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi”, — ta’kidladi XVJ ijrochi direktori.
O‘zbekiston delegatsiyasi 4−9-iyul kunlari XVJning Vashingtondagi shtab-kvartirasida bo‘lib, tashkilot vakillari bilan mamlakatda valyuta siyosatini isloh qilish yo‘llari bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundini o‘tkazdi. Muzokaralar Toshkentda davom etishi kutilmoqda.
Izoh (0)