Rossiyalik harbiy mutaxassislar Tojikistonning Dorboz tumanida Afg‘oniston bilan chegaradagi Panj daryosi o‘zanini to‘sib qo‘ygan sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish uchun 100 kilogrammdan ortiq trotil va 50 dan oshiq minadan foydalandi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yordamchisi Yaroslav Roshchupkin ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligiga Tojikiston rasmiylari yordam so‘rab murojaat qildi. Sel kelishi tufayli to‘satdan tabiiy to‘g‘on hosil bo‘ldi va suv sathi bir necha metrga ko‘tarilib, mamlakat poytaxtini Pomirda joylashgan mintaqalar bilan bog‘laydigan Dushanbe—Ko‘lob—Xorog avtoyo‘lining ikki joyini suv bosdi”, — ta’kidladi Yaroslav Roshchupkin.
Okrug vakiliga ko‘ra, trotil qo‘llangani suv sathini pasaytirish imkonini berdi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Izoh (0)