O‘zbekiston Prezidenti “Turizm sohasini rivojlantirishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror matni Prezidentning rasmiy saytida keltirildi.
Hujjatdan ko‘zda tutilgan maqsad — hududlarning sayyohlik salohiyatini dunyoga keng targ‘ib qilish, mamlakatga tashrif buyurishi kutilayotgan sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish, sohadagi mavjud muammolarni tizimli asosda bartaraf etish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirish hamda turizm sohasini yanada rivojlantirish.
Shu maqsadda, qarorga ko‘ra, Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamda Moliya vazirligining Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyati hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etildi va ularning kotibiyatlari tashkil qilindi.
Viloyatlar hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
hududda turizm sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, soha bo‘yicha qabul qilingan konsepsiya va dasturlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni belgilash;
chet el mamlakatlari bilan turizm sohasida, ayniqsa, turistlar oqimini ko‘paytirish hamda ularni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik va kelishuvlarni vakolatli organlar bilan birgalikda amalga oshirish;
sohani chuqur tahlil qilish asosida turistik xizmatlarga bo‘lgan talabni o‘rganish, bu boradagi mavjud muammolar va to‘siqlarni aniqlash, sohani rivojlantirish hamda takomillashtirishning maqsadga muvofiq modellarini ishlab chiqish va kelgusi rejalarni belgilash;
turizm sohasining iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi infratuzilmasini takomillashtirish va turizm yo‘nalishidagi diqqatga sazovor joylar, ularni yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda amalga oshirish;
qo‘shimcha turizm marshrutlarini ishlab chiqish, chet el yoshlarini keng jalb etish maqsadida ko‘ngilochar komplekslar barpo etish, madaniy meros obyektlarida o‘zbek xalqi tarixi, turmush tarzi, urf-odatlari, an’analarini o‘zida aks ettirgan ekspozitsiyalarni tashkil etish;
turizm sohasida turizmni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik, idora va qo‘mitalarning hududiy boshqarmalari ish faoliyatini muvofiqlashtirish;
turizm sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini jalb etish, xorijiy turoperatorlar va OAV bilan hamkorlik qilish orqali respublikaning mavjud sayyohlik salohiyatini keng yoritish choralarini ko‘rish.
Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi U. S. Ismailov zimmasiga yuklandi.
Izoh (0)