Vladimir Putinga suiqasdga tayyorgarlik uchun 2013-yilda 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Qozog‘iston fuqarosi Ilya Pyanzin Rossiya prezidentiga afv etishini so‘rab, murojaat qildi. Bu haqda uning turmush o‘rtog‘i Marina ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
Samara viloyatidagi qamoqxonalardan birida jazo muddatini o‘tayotgan mahbus qo‘l urgan qilmishi bevosita prezidentga qarshi qaratilgani uchun Vladimir Putinga shaxsan murojaat etishga qaror qilganini bildirgan.
Teleyangiliklar orqali uning faoliyatini diqqat bilan kuzatib borishi, ichki va tashqi siyosatini ma’qullashi hamda 5 yil avval ushbu “ahmoqona va asossiz jinoyat”ga tayyorgarlikka chek qo‘yish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat etmaganidan afsusda ekanligini ta’kidlagan. Hozirda uning iltimosnomasi viloyat gubernatori huzuridagi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ilya Pyanzin va uning sherigi Adam Osmayev 2012-yil fevralida Odessadagi xususiy xonadonlardan birida ro‘y bergan tasodifiy portlashdan keyin qo‘lga olingandi. Shundan so‘ng Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda terrorchilarning Putinga suiqasdi oldi olinganligini ma’lum qildi. Portlash esa bombani montaj qilish chog‘ida sodir bo‘lgani aniqlandi.
Izoh (0)