Moskva 30 ga yaqin amerikalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish va AQShning Rossiyadagi bir necha ko‘chmas mulk obyektini hatlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya TIVdagi manbaga tayanib, “Izvestiya” ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
Nashrga ko‘ra, Rossiya tomonini bunday choralarga Vashingtonning 2016-yil dekabrida tortib olingan AQShdagi elchixonaga tegishli ko‘chmas mulkni qaytarib bermaslik qarori majbur qilmoqda. Bu muammo Vladimir Putin va Donald Trampning ilk uchrashuvida ham hal etilmay qoldi.
“Sankt-Peterburgda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov va AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Tomas Shennon o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuv mavjud. Agar u yerda ham murosaga kelinmasa, yuqoridagi choralarga qo‘l urishga majbur bo‘lamiz”, — dedi Rossiya TIV vakili.
Izoh (0)