5-iyul kuni Petya.A virusi yaratuvchilarining bitkoin-hamyonidan barcha pullar — 10 ming dollarga yaqin mablag‘ yechib olindi. Bunga qadar virus mualliflari o‘zlarining borligini bildirmay kelayotgan edi, deb xabar beradi Meduza.
Pullarni olib bo‘lgach, ular PasteBin saytida e’lon qoldirdi. Unga ko‘ra, xakerlar 100 bitkoin evaziga (250 ming dollardan ortiq pul) barcha zararlangan kompyuterlarni ochish parollarini taqdim etadi.
The Motherboard portali jurnalistlari xakerlar bilan bog‘lanib, ular hazillashmayotganini aniqladi.
NotPetya nomi bilan mashhur bo‘lgan Petya.A virusi 27-iyundan e’tiboran butun dunyo bo‘ylab kompyuterlarni zararlay boshladi. Dastlab bu holat Ukraina kompaniyalarining kompyuterlarida qayd qilindi. Sekin-asta virus Yevropaning ko‘plab davlatlarida ham o‘zini namoyon qila boshladi.
Virus har bir zararlangan kompyuter egasidan bitkoinlarda 300 dollar o‘tkazishni, pochta orqali buni tasdiqlashni talab qilar edi. Biroz muddatdan so‘ng bu pochta manzili ishlamay qoldi. Kompyuter xavfsizligi sohasi ekspertlarining fikricha, aslida virus yaratuvchilari tovlamachilar emas, balki diversantlar bo‘lib, ularning asosiy maqsadi pul ishlash emas, maksimal zarar yetkazish bo‘lgan. Ammo hozirga kelib virus mualliflari katta miqdorda pul talab qilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim ekspertlarning fikricha, hech qanday parol barcha kompyuterlardagi ma’lumotlarni eskisiday tiklash imkonini bermasligini aytmoqda. Negaki virusdagi xatolar bir megabaytdan ortiq hajmga ega hujjatlarni qayta tiklash imkonini bermaydi.
Izoh (0)