“Xushnudbek.uz” sayti tibbiyot oliygohlariga kirish bo‘yicha belgilangan o‘zgarishlar qabul jarayonida qanday aks etayotganini tahlildan o‘tkazdi.
O‘zbekistonda tibbiyot oliygohlari birinchi bor yangi tartibda abituriyentlardan hujjat qabul qilmoqda. Qabul komissiyasi hujjat topshirish chog‘ida abituriyentlardan arizasida maqsadli qabul bo‘yicha topshirmoqchimi yoki kontrakt asosidami, shunga aniqlik kiritishni so‘ramoqda.
Davlat test markazi saytida maqsadli qabul joylariga topshirilgan hujjatlar alohida, hududlar kesimida ko‘rsatib borilmoqda.
O‘z-o‘zidan, birinchi marta bo‘layotgan tartib bo‘yicha aholida ko‘plab savollar, tushunmovchiliklar paydo bo‘lyapti.
Maqsadli qabulga hudud bo‘yicha doimiy propiska asosida qabul qilinadimi?
Nizomning 10-bandiga asosan, maqsadli qabulda qatnashmoqchi bo‘lgan abituriyentlar tegishli hududda yashayotgan bo‘lishi lozim. Agar doimiy propiskasi o‘sha hududda bo‘lsayu, lekin maqsadli qabulga tushmaydigan hududda yashayotgan bo‘lsa, unda o‘sha abituriyent maqsadli qabulda qatnasha olmaydi.
Maqsadli qabulga o‘sha hududdagi litsey yoki kollejni tugatgan bo‘lishi shartmi?
Eng ko‘p berilayotgan savol aynan mana shu bo‘lmoqda. Sababi ko‘plab viloyatlik yoshlar o‘rta maxsus ta’limni Toshkent shahrida olgan. Ayniqsa tibbiyot yo‘nalishida. Ammo Toshkent shahri uchun maqsadli qabul ajratilmagan. Ya’ni Toshkent shahridagi tibbiyot kollejlari va akademik litseylarni tugatgan abituriyentlar, garchi asli doimiy yashash manzili viloyatlarda bo‘lsa ham, davlat granti asosida qabul qilinmaydi, ular uchun faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoni mavjud.
Nizomning 10-bandiga muvofiq tegishli hududlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalariga faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hujjat topshira oladi.
Demak, xulosa shundayki, surxondaryolik o‘smir Toshkent shahri yoki boshqa hududda o‘qigan bo‘lsa, Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan joyga hujjat topshira olmaydi.
Agar maqsadli qabulga topshirgan abituriyentning to‘plagan balli davlat grantiga yetmasayu, lekin kontraktga kirish uchun yetsa, unda kontrakt asosida qabul qilinadimi?
Ha, qabul qilinadi. Nizomning 3-bandiga asosan, maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.