Farg‘onaning “Neftchi” va Qarshining “Nasaf” klublarida to‘p surgan, o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilingan darvozabon G‘ayrat Hasanov “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida chiqish qildi, deb yozdi “Championat.asia” nashri. Bunda darvozabon Yaypandagi tashlandiq stadionni ta’mirlash istagida ekanini bildirdi.
“Futbol maktabi va Farg‘ona davlat universiteti bitiruvchisi hisoblanaman. Professional futbol bilan shug‘ullanganman. Bunda kerakli bilim va tajribaga ega bo‘ldim, mablag‘ yig‘dim. Yaypan shahridagi O‘zbekiston tumanida 70-yillarda qurilgan stadion bor. Ayni damda u qarovsiz ahvolda”, — deb so‘z boshlagan sobiq darvozabon.
“Yuzlab bolalar har kuni shu yerda shug‘llanadi. Hokimiyatga murojaat qilib, stadionni ta’mirlash uchun 2 milliard so‘m investitsiya kiritmoqchiligimni ma’lum qildim. Bu mablag‘ni futbolchilik faoliyatim davomida to‘plaganman, buning ustiga do‘stlarim ham bor. Kelajakda mana bunday sport majmuasini yaratmoqchiman”.
“Hokimimizni oldiga kirsak, kimsan, qayerdan kelding, ma’lumoting qanday deb so‘ramadilar. Faoliyatim davomida ko‘plab mamlakatlarga bordim va u yerdagi arenalardan andoza oldim. Maqsadim — bolalar sportini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishni tashkil qilish”.
“Oktabr oyida Farg‘ona viloyati hokimining sayyor qabulida bo‘ldim. U kishi menga mablag‘ni qayerdan olasan deb so‘radilar. O‘z mablag‘larim evaziga ushbu ishni bajarmoqchiligimni va 30 dan ortiq ish o‘rni yaratmoqchi ekanligimni aytdim. Chunki bu stadionga murabbiylar kerak”.
“10 yil ichida Osiyo yoki jahon miqiyosida birorta futbolchi tarbiyalay olsak, O‘zbekiston tumanimizning iqtisodiyotiga katta yordam bo‘lardi. Masalan, o‘sha futbolchi yiliga 3 million dollar topsa, bu mablag‘ evaziga zavod yoki fabrikalar qurish mumkin. Biznes bu faqat tikuvchilik yoki savdo-sotiq emas. Bolalar esa nazoratsiz qolmaydi”, — deb so‘zini yakunlagan G‘ayrat Hasanov.
Izoh (0)