Kolumbiya shimolida 30-aprel kuni harbiy vertolyot qulashi oqibatida 9 nafar askar halok bo‘ldi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Kolumbiya prezidenti askarlar o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot eʼlon qilgan. Halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik yo‘llagan.
Halokat Bolivar maʼmuriy hududiga qarashli Guaraperiya qishlog‘i hududida yuz bergan. Hodisa oqibatida vertolyot ichida bo‘lgan bir nafar general hamda sakkiz nafar askar halok bo‘lgan.
Manbada aytilishicha, harbiy vertolyot “Klan del Golfo” deb nomlangan narkobiznes bilan shug‘ullanuvchi qurolli guruhga qarshi operatsiyada ishtirok etayotgan bo‘lgan. Halokatga olib kelgan sabab nomaʼlum.
Hozirda voqea joyida halokat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan. Rasmiylar shubha ostidagi shaxslarni tergovga chaqirgan.
Joriy yil boshidan buyon Kolumbiyada vertolyot halokati bilan bog‘liq bir nechta holat ro‘y bergan. Ularda jami 15 nafarga yaqin xizmatchi halok bo‘lib, bir qancha askarlar yaralangan.
Izoh (0)