Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz kutilmaganda yangi taxt merosxo‘rini tayinladi: valiahd shahzoda qirolning 57 yoshli jiyani o‘rniga uning o‘g‘li, 31 yoshli Muhammad ibn Salmon bo‘ldi, deb yozadi Meduza.
Agar avvalgi merosxo‘r shahzoda qirollik ichki xavfsizligi rahbari va sodiq funksioner sifatida mashhur bo‘lgan bo‘lsa, yangi merosxo‘r, birinchi navbatda, “yosh texnokrat” sifatida mashhur: uning atrofidagilar — asosan g‘arbcha ta’lim olgan 30—40 yoshlardagi kishilar bo‘lib, ular, so‘zda bo‘lsa-da, Saudiya Arabistonidagi ko‘p narsalarni o‘zgartirishga tayyor.
Saudiya Arabistoni — Yaqin Sharqdagi buyuk davlatlardan biri. Bu pozitsiya uning hududiy buyukligi (qirollik hududi Germaniya va Fransiya egallab turgan hududdan ikki barobar ortiq), shuningdek, islom dini muqaddas qadamjolari Makka va Madina u yerda joylashganligi bilan asoslanadi. Qirollikning iqtisodiy o‘rni ham muhim rol o‘ynaydi: Saudiya Arabistoni dunyoning yetakchi neft eksportchisi hisoblanadi.
Bir vaqtning o‘zida, Saudiya Arabistoni sayyoraning eng avtoritar davlatlaridan biridir. 1930-yillardan buyon qirollikni saudiylar sulolasi boshqarib kelmoqda. Mamlakatda siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlangan, barcha asosiy lavozimlar va vazirliklar qirol qarindoshlari o‘rtasida taqsimlanadi. Al-Saudiylar oilasi ko‘p sonli bo‘lib, monarx kadrlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydi.
Diniy muassasalar hokimiyatini qirollik hukumatining asosiy muqobili deb hisoblash mumkin. Qur’on Saudiya Arabistoni konstitutsiyasi deb rasman tan olingan, mamlakat shariat qonunlari bo‘yicha yashaydi. Monarx amalda mudofaa, tashqi siyosat masalalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul bo‘lsa, diniy institutlar odil sudlov, ta’lim va oila masalalari bilan shug‘ullanadi. Monarx harakatlari qabilalar yo‘lboshchilari va eng boy oilalar vakillari qarorlari bilan cheklanadi.
Yana bir muhim omil — Saudiya nefti iste’molchisi bo‘lgan G‘arb bilan aloqalar. Saudiya Arabistonining G‘arb bilan yaxshi muhosabatlarni o‘rnatishga qiziqishi ichki qarama-qarshiliklar va xalqaro mojarolarni keltirib chiqargan edi. Masalan, Saudiya Arabistoni AQSh ittifoqchilaridan hisoblanadi, biroq amerikaliklar u yerda joylashgan harbiy bazani 2003-yilda Qatarga ko‘chirdi. Bunga nufuzli oilalarning qarshiligi sabab bo‘ldi. Amerika qo‘shinlarining Saudiya Arabistonida bo‘lishi 2001-yil 11-sentabr teraktlari sabablaridan biri bo‘ldi (2016-yilda teraktlarga Saudiya hukumatining ba’zi mansabdorlari aloqador bo‘lishi mumkinligi aniqlandi).
Saudiya Arabistoni mavjudligining 85 yili davomida qirollikni bor-yo‘g‘i ikki avlod monarxlari: birinchi qirol Abdul-Aziz ibn Abdurahmonning akalari va o‘g‘illari boshqargan. Ularning har biri boshqaruvi davrida qirollik ichki kuchlari muvozanati ular o‘tkazgan islohotlardan kelib chiqib biroz o‘zgargan. Bunda iqtisodiy modernizatsiyaga urinish monarxlarning aholining siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishni istamasligiga borib taqalgan.
Salmon ibn Abdulaziz Al Said — Saudiya Arabistonining hisob bo‘yicha yettinchi qiroli 2015-yilda taxtga keldi. Qirollikning odatiy muammolari (neft eksportiga qaramlik) bu vaqtga kelib yangi darajaga chiqdi: qirollik hayotining deyarli barcha jabhalari amal qilishini ta’minlovchi neft narxlarining pasayishi neft rentasidan kelgan daromadlar hisobiga yashashga ko‘nikkan aholida xususiy sohadan daromad qilish zaruratini yuzaga keltirdi. Mamlakatda 70 foiz ish o‘rnini ta’minlovchi davlat sektori islohoti vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
Salmon hokimiyatga kelishi bilan boshlangan mazkur islohot 11 ta hukumat kotibiyatini tugatib, ularning o‘rniga ikki: Siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha kengash hamda Iqtisodiyot va taraqqiyot ishlari bo‘yicha kengashni tashkil etishni ko‘zda tutar edi. Birinchi kengashga qirolning jiyani, Saudiya Arabistoni merosxo‘r shahzodasi Muhammad ibn Naif boshchilik qildi. Ikkinchisiga Salmonning o‘g‘li, qirollik xonadoni yetakchisi va valiahd shahzoda o‘rinbosari Muhammad ibn Salmon rahbar bo‘ldi. Shu tariqa qirol davlat boshqaruvi asosiy vazifalarini jiyani va o‘g‘li qo‘l ostida to‘pladi. Bunda valiahd etib tayinlangan shahzoda Muhammad ibn Naif yuqoriroq lavozim va merosxo‘r maqomini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muhammad ibn Salmonga keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, hukumatni to‘liq isloh qilish huquqi berildi.
Muhammad ibn Salmonni merosxo‘r shahzoda etib tayinlash (hamda Muhammad ibn Naifni barcha egallab turgan lavozimlaridan ozod etish) haqidagi qaror qirolning jiyani va o‘g‘li o‘rtasidagi kurashdan dalolat bermaydi — ularning har ikkalasi bitta oila a’zolari, ularning har ikkalasini G‘arbda hurmat qilishadi. Biroq yosharish va modernizatsiya nuqtai nazaridan qirolning 31 yoshli o‘g‘li uning 57 yoshli jiyaniga qaraganda kelajagi porloqroq shaxs bo‘lib ko‘rinadi.
To‘rt yil avval jurnalistlarga o‘zini “oddiy huquqshunos” deb tanishtirgan Muhammad ibn Salmon oxirgi vaqtlarda shiddatli karyera qildi. Iqtisodiyot masalalari bo‘yicha kengashga rahbarlik qilgan shahzoda Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri lavozimini ham egalladi va Yamanda harbiy operatsiyaning boshlanishiga mas’ul hisoblanadi.
Muhammad ibn Salmon ko‘plab keksaygan mansabdorlarni ishdan bo‘shatib, ularni (G‘arbda ta’lim olgan) yoshlar bilan almashtirdi. Shahzoda ularning yordamida “Qirollik nigohi 2030” rejasini ishlab chiqdi. U Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini neft qaramligidan to‘liq xalos etishni ko‘zda tutadi. Bu reja Aramco neft qazib chiqaruvchi kompaniyasini qisman xususiylashtirish va bundan tushgan pullarni ikki trillion dollarga teng suveren investitsiya jamg‘armasini tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Yangi merosxo‘rning asosiy sifati uning eski avlod vakillari bilan munozaraga borishga tayyorligidir. Jumladan, uning konservativ diniy doiralar ta’sirini cheklashi va qirollik siyosiy hayoti liberalizatsiyasini ta’minlashiga umid qilishmoqda.
Izoh (0)