Quyosh tizimi tadqiqotlari instituti (Gettingen, Germaniya) xodimi Rene Xeller o‘zga sayyoraliklar murojaatini imitatsiya qiluvchi audioxabarni sun’iy ravishda yaratdi va uni Facebook hamda Twitter’da joylashtirib, foydalanuvchilarni ma’nosini topishga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Astrofizik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga Yer o‘zidan, taxminan, 50 yorug‘lik yili uzoqlikdagi masofada joylashgan manbadan radioimpulslar turkumidan iborat signal olganini tasavvur etishni taklif etdi.
Xabarni yaratish davomida Xeller Yerdan koinotga signal uzatishda qo‘llandigan uslublardan foydalandi. U ikki millionga yaqin raqamni o‘z ichiga olgandi.
Foydalanuvchilar olimga yo‘llagan 300 ta javobdan 66 tasi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. To‘g‘ri javob yo‘llaganlarning yarmi jumboqni mustaqil yechgan, qolganlari jamoaviy yoki bahslar yordamida javob topgan. Buning uchun ularga bir oydan ko‘proq vaqt ketdi.
Izoh (0)