“VKontakte” rahbariyati ijtimoiy tarmoqning Kiyevdagi ofisini yopish va xodimlarning bir qismini Moskvaga ko‘chirish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda, ismi oshkor etilmagan manbalarga asoslanib, “vc.ru” nashri xabar bermoqda.
Meduza’ning yozishicha, “VKontakte”ning rasmiy vakili Yevgeniy Krasnikov mazkur axborotni tasdiqlay olmagan.
“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i Ukrainadagi idorasini 2012-yili ochgan edi. Ayni vaqtda, “Mail.ru Group” tarkibiga kiruvchi “Odnoklassniki”ning Ukrainada vakolatxonasi yo‘q.
“VKontakte”ning ofisi yopilishi haqidagi xabar bir kun avval “Yandeks”ning Ukrainadagi vakolatxonalarida o‘tkazilgan tintuvlardan so‘ng paydo bo‘ldi. Rossiya qidiruv tizimi Ukrainada “davlatga xiyonat” moddasi bo‘yicha gumon qilinmoqda. Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, “Yandeks” ukrainaliklar haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, so‘ng ularni Rossiya maxsus xizmatlariga taqdim etgan.
“Yandeks”, “VKontakte” va “Odnoklassniki” Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning farmoniga muvofiq Ukrainada blok qilingan. U Rossiya internet xizmatlarini Ukrainaga qarshi targ‘ibotda aybladi.
Izoh (0)