AQSh prezidenti Donald Tramp Rim papasi Fransisk bilan Vatikandagi Havoriy saroyida uchrashdi. Uchrashuv 30 daqiqa davom etdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Pontifik huzuriga prezident 12 kishilik delegatsiya boshchiligida keldi. Ushbu delegatsiya tarkibida uning rafiqasi Melanya va qizi Ivanka ham bor edi.
Vatikan urf-odatiga ko‘ra, ayollar uchrashuvga qora libosda, boshi o‘ralgan holda keldi.
Yarim soatlik suhbatdan so‘ng Tramp papani delegatsiya vakillari, jumladan, kuyovi Jared Kushner bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng tomonlar sovg‘a almashdi.
Ayni paytda AQSh prezidenti Vatikan davlat kotibi Pyetro Parolin bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Melanya va Ivanka Tramp uchrashuvga ro‘molda kelgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ular Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida, ushbu mamlakatda ayollar boshi ochiq yurishi taqiqlanganiga qaramay, jamoatchilik oldiga ro‘molsiz chiqqan edi.
Vatikandan so‘ng Tramp Kvirinal saroyida Italiya prezidenti Serjo Mattarella bilan uchrashadi.
Izoh (0)